
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari biznes uchun soliq ma’murchiligini yengillashtirish va soliq imtiyozlarini kengaytirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Hujjat 2026 yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosati doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, Prezident bilan ochiq muloqot jarayonida tadbirkorlar bildirgan takliflarni o‘z ichiga oladi.
Qonun tadbirkorlarga tushadigan ma’muriy va moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan. Bir nechta soliqlar bo‘yicha hisobotni kech topshirganlik uchun yagona jarima joriy etiladi, kichik biznes uchun jarimalar sezilarli darajada kamaytiriladi. Agar hisobot 5 kungacha kechiktirilsa va ilgari soliqlar o‘z vaqtida to‘langan bo‘lsa, jarima qo‘llanilmaydi.
Soliq tekshiruvlari bo‘yicha ham muhim o‘zgarishlar mavjud. QQS to‘lovchisi guvohnomasini 30 kundan ortiq muddatga to‘xtatish faqat sud qarori asosida amalga oshiriladi. Takroriy kameral tekshiruvlar cheklanadi, sayyor tekshiruv yakuni elektron kabinet orqali yuborilgan sana bilan belgilanadi.
2026 yildan boshlab asosiy soliqlar bo‘yicha hisobotlarni shakllantirish soliq organlari zimmasiga yuklanadi. Shuningdek, tadbirkorlarga moliyaviy jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi.
Aylanmadan olinadigan soliqdan QQS va foyda solig‘iga birinchi marta o‘tayotgan biznes subyektlari uchun bir yil davomida moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi. Ayrim sohalar uchun esa 2028–2030 yillargacha soliq imtiyozlari saqlab qolinadi